Koreya ta’lim tizimi sifati va raqobatbardoshligi bilan dunyo davlatlari ichida yuqori o‘rinlarni egallaydi. Raqamli o‘qish sohasida (DRA) esa Koreya 1-o‘rinni band etgan. IT-texnologiyalar, mashinasozlik, kemasozlik, kimyo sanoati bo‘yicha ham oldingi o‘rinlarni egallagan.

Koreyada ta’lim olish va yashash narxlari AQSH, Kanada, Angliya va boshqa ingliz tilli davlatlarga nisbatan arzon. Chet ellik talabalardan turli qo‘shimcha to‘lovlar talab qilinmaydi. So‘nggi vaqtlarga hukumat ta’lim olish uchun grantlar ajratish, yashash, turar-joy va o‘qish tamom bo‘lganidan so‘ng ish bilan joylashish masalalariga katta e’tibor qaratayotgani Koreya ta’lim tizimi jozibadorligini oshirmoqda. Har yili chet ellik talabalar uchun bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalari tashkil etilishi bir vaqtning o‘zida ham o‘qib, ham ishlashga imkon tug‘diradi. Mutaxassisliklarni tamomlagan bitiruvchilar uchun viza olish va ish qidirishga yordamlashuvchi Gold Card va Science Card tizimlari ishlab chiqilgan. Bakalavr, magistratura yoki doktoranturada tahsil oluvchi yoki koreys tilini o‘rganuvchi talabalar mamlakatga kelganidan 6 oy o‘tib qonuniy ravishda o‘qishdan bo‘sh vaqtda ishlashga ruxsat beriladi. Ish joyini ish qidirish bo‘yicha yordam markazlari, internet yoki tarmoq gazetalaridan topish mumkin.

Koreyada oliy ta’lim tizimida quyidagi ta’lim muassasalarida tahsil olishingiz mumkin:

Universitet, Sanoat kolleji, Kasb-hunar kolleji, Pedagogika kolleji, Masofaviy ta’lim kolleji, Texnika kolleji.

2014-yil 1-aprel holatiga ko‘ra, Koreyada 447 ta OTM mavjud. 189 ta universitet, 140 ta kasb-hunar kolleji, 43 ta magistraturali universitet, 2 ta sanoat kolleji, 10 ta pedagogika kolleji, 20 ta masofaviy ta’lim universiteti, 26 ta texnika (texnologiya) universiteti, 17 ta boshqa turdagi kollejlar.

Quyidagi universitetlar eng katta nufuzga ega hisoblanadi:

– Seul davlat universiteti (Seoul National University – SNU). 1946-yilda asos solingan. Seul universiteti Koreya yarim orolidagi birinchi oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. Uning o‘quv binolari katta bir shaharni eslatadi. Bir binodan boshqasiga maxsus avtobusda borishga to‘g‘ri keladi.

– Koryo universiteti (Korea University) – ommabop xususiy universitet. Asosan yuridik soha mutaxassislarini tayyorlaydi. Shuningdek, jurnalistika, lingvistika, falsafa singari gumanitar va ijtimoiy fanlar o‘qitiladi. Biroq universitetda texnik fakultetlar ham mavjud.

– Yonse universiteti (Yonsei University) – xususiy universitet. Mazkur OTM missionerlik faoliyati natijasida tashkil etilgani sababli norasmiy ravishda xristianlik universiteti deb ham ataladi. Gumanitar sohalar, eng asosiysi tibbiyot yo‘nalishida chuqur bilim beriladi.

Koreyada Ixva Ayollar universiteti (Ewha Womans University), Pxoxan fan va texnologiyalar universiteti (Pohang University of Science and Technology), Kunmin universiteti (Kookmin University) va boshqalar ham mashhur.

Koreyaning odatdagi yirik universitetlari tarkibida 10-20 ta fakultetlar mavjud.

Chet ellik talabalar Koreya Respublikasida ikki turdagi stipendiyani qo‘lga kiritishi mumkin:

Birinchisi – “hukumat” (Korean Government Scholarship). Unda magistrlik va doktorlik dasturlari, shuningdek, qisqa muddatli (olti oydan bir yilgacha) ilmiy malaka oshirishlar uchun o‘qish, yashash, tibbiy sug‘urta xarajatlari to‘liq qoplanadi. Shuningdek, talabalar yarim yilda bir marta “kitob puli” olishlari mumkin.

Boshqa bir stipendiya esa Korea Research Foundation tomonidan taqdim etiladi. Unda magistrlik va doktorlik dasturlarida o‘qish to‘lovlari qoplanadi. Aniq va muhandislik fanlarini o‘quvchi talaba va aspirantlar ko‘proq stipendiyaga sazovor bo‘lishlari mumkin.

Katta nufuzga ega SKY guruhiga mansub universitetlar va boshqa bir qancha OTMlar yuqori akademik ko‘rsatkichlarga ega chet ellik talabalarga ta’lim pulining 50–70 foizi miqdoridagi chegirmalarni taqdim etadi.

Grantni qo‘lga kiritish uchun TOPIK 3-4- darajaga va attestatda yuqori o‘rtacha balga ega bo‘lish talab qilinadi.

Koreyada o‘quv yili mart oyida boshlanadi. Qishki ta’til uch (dekabrda imtihonlar topshiriladi), yozgisi ikki oy (iyul va avgust) davom etadi. Haftasiga besh kun o‘qish bo‘ladi, shanba va yakshanba kunlari talabalar uchun qonuniy dam olish kunlari hisoblanadi.

Koreya OTMlariga kirish uchun ota-onangiz/siz o‘qish pulini to‘lash qobiliyatiga ega ekaningizni isbotlovchi hujjatlarni taqdim etishingiz kerak.

Koreyada magistraturaga kirish uchun har qanday universitet yoki institutni bakalavr bosqichini  tamomlagan bo‘lishingiz kerak.

Janubiy Koreya oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun birinchi bo‘lib o‘sha OTMning xalqaro aloqalar bo‘limi bilan bog‘lanish va o‘zingiz uchun qaysi dastur maqbul ekanini aniqlashingiz (bu biror xorijiy tilni qay darajada bilishingiz, avval o‘qigan joyingiz va boshqalarga bog‘liq) va kerakli hujjatlar ro‘yxatini so‘rashingiz lozim. Bu ishlarni o‘qishga kirishdan bir yil oldin boshlaganingiz ma’qul. Keyinchalik hujjatlarni yuborishda ma’lumotlaringiz va o‘qish joyingiz yozilgan rezyume, xorijiy tillarni bilishingizni tasdiqlovchi sertifikatlar nusxasi, ingliz tilidagi (yoki koreys) “motivatsion maktub” (nima uchun siz aynan ushbu OTM va ushbu mutaxassislikda o‘qishga qaror qilganingiz to‘g‘risida), nomzod ta’lim olayotgan OTM talabasi ekanini tasdiqlovchi guvohnomaning ingliz tiliga notarius tasdig‘idan o‘tgan tarjimasi va boshqalar talab qilinadi.

Koreyada o‘qish bo‘yicha foydali resurslar:

– Koreyada o‘qish to‘g‘risidagi portal: http://www.studyinkorea.go.kr/

– Koreya Ta’lim vazirligi: english.mest.go.kr/enMain.do

– Koreya Turizm milliy tashkiloti: russian.visitkorea.or.kr/rus/index.kto

Korea University – www.korea.edu

Seoul National University – www.useoul.edu

Yonsei University – www.yonsei.ac.kr/eng

Ewha Womans University – www.ewha.ac.kr/english

Kyung Hee University – www.khu.ac.kr/eng/index.jsp

Kookmin University – english.kookmin.ac.kr

Pohang University of Science and Technology – www.postech.ac.kr

Korea Research Foundation – www.krf.or.kr/KHPapp/eng/mainc.jsp