Bugungi kunda oramizda koreys seriallari va kinolarini ko‘rmagan, musiqasiga shaydo bo‘lmagan inson topilmasa kerak. Qorlaversa, so‘nggi yillarda Janubiy Koreyada ishlagan, tahsil olgan kishilar ham ko‘pchilikni tashkil etmoqda. Koreyslarning qadim an’ana va urf-odatlari, turmush tarziga, zamonaviy texnologiyalariga qiziqish ortgani bilan bir qatorda, koreys tilini o‘rganishni istovchilar ham ko‘payib bormoqda. Mazkur maqola koreys tilini o‘rganishni istovchilar uchun dastlabki tushunchalarni berishiga ishonamiz.

Koreys tili — Oltoy tillariga, ba’zan to‘ngus-manjur tillariga kiradi, deb taxmin qilinadi. Shimoliy Koreya va Koreya Respublikasining rasmiy tili. Bu tilda Koreya yarim oroli, shuningdek, AQSH, Xitoy, Yaponiya, Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlarida jami 78 milliondan ziyod kishi so‘zlashadi. Uning genetik jihatdan boshqa tillar bilan bog‘liqligi aniqlanmagan. Koreys tilining shimoliy-sharqiy, shimoliy-g‘arbiy, markaziy, janubiy-sharqiy, shimoliy va janubiy shevalari bor. Koreys tilida 40 fonema (19 undosh, 21 unli) mavjud. Morfologik jihatdan agglyutinatsiya rivojlangan. Fe’l zamonlari hozirgi, 2 o‘tgan va 2 kelasi zamon shakllaridan iborat.

Son kategoriyasida birlik va ko‘plik shakllari farqlanmaydi. Nisbat kategoriyasi hamma fe’llarga xos emas. Leksikasida xitoy tilidan, sanskrit, mo‘g‘ul va ba’zan Yevropa tillaridan o‘zlashgan so‘zlar bor. Koreys tili 1993 yilgacha «standart til», 1966 yilda «madaniy til» (munxvao) deb atalgan. Bu tilning 2 turi ham KXDR hamda Koreya Respublikasida qo‘llanib kelinadi. KXDRda koreys yozuvi, Koreya Respublikasida xitoy-koreys aralash yozuvi qo‘llanadi.

Zamonaviy koreys tilining Uch koreys qirolligi — pekche, shilla va koguryo tillari bilan aloqadorligi borasida bahslar hamon davom etmoqda. Leksika va grammatik qurilishda har uchala til alomatlari saqlanib qolgan bo‘lsa ham, ayrim lingvistlarning fikricha, koreys tiliga yapon tili bilan yaqin yoki uzoq qarindoshligi bor koguryo tili elementlari kamroq, shilla tili esa ko‘proq asos bo‘lib xizmat qilgan.

1945-yilga qadar koreyslar o‘z ona tilini “chosonmal” (kor. 조선말, 朝鮮말) yoki «chosono» (kor. 조선어, 朝鮮語) deb nomlashgan. Bugungi kunda Shimoliy Koreyada hamon ushbu istiloh qo‘llaniladi. Janubiy Koreyada esa hozirda “hangugo” (kor. 한국어, 韓國語) yoki kam hollarda “hangugmal” (kor. 한국말, 韓國말), ba’zan oddiygina qilib “kugo” (kor. 국어, 國語, “davlat tili”) deb qo‘yishadi. Koreyaning har ikki qismida ham “urimal” (우리말, “bizning til”) degan jumla ham ishlatiladi.

Koreys tilida so‘zlar tartibi ega — to‘ldiruvchi — kesim shaklida keladi. Gapning ikkinchi darajali bo‘laklari har doim bosh bo‘laklardan oldin keladi.

Koreys adabiy tili Seul shevasiga asoslangan bo‘lib, undan tashqari chunchon (Chunchon-Namdo va Chunchon-Pukto provinsiyalari, Tejon shahri), kanvon (Kanavndo provinsiyasi), kyonsan (Kyonsan-Namdo va Kyonsan-Pukto (Yonnam hududi), shuningdek, Pusan, Tegu va Ulsan shaharlari), hamgyon (Hamgyon-Namdo, Hamgyon-Pukto provinsiyalari, Shimoliy Koreyadagi Yangando provinsiyalari), yukchin (Yukchin tarixiy viloyati) hvanhe (Shimoliy Koreyadagi Hvanhe-Namdo va Hvanhe-Pukto provinsiyalari), cholla (Cholla-Namdo, Cholla-Pukto (Honam mintaqasi) provinsiyalari va Kvanju shahri), cheju (Chejudo provinsiyasi va Janubiy Koreyaning janubi-g‘arbiy sohillari) shevalaridan keng foydalaniladi. Sobiq Ittifoq mamlakatlarida istiqomat qiluvchi koreys millatiga mansub kishilar (Koreyaning janubiy qismlaridan Saxalin orollariga kelib o‘rnashgan koreyslardan tashqari) Hamgyon shevasining bir tarmog‘i hisoblangan koryo mal dialektida so‘zlashadi.