Koreya Respublikasida mehnat qilishni istaysizmi? Buning uchun eng avvalo bir qator talablarga javob berishingiz kerak. Ya’ni, imtihonga qatnashish uchun ro‘yxatga olinadigan kunga qadar nomzod 18 yoshga to‘lgan va 39 yoshdan oshib ketmagan bo‘lishi, jismoniy mehnatga yaroqli, jinoiy javobgarlikka tortilmagan (sudlanmagan), Koreya Respublikasidan deport qilinmagan yoki Koreya Respublikasiga kirishi va O‘zbekistondan xorijga chiqishi taqiqlanmagan. Agarda ushbu talablarga javob bersangiz, 2012-yilda imzolangan Memorandumga muvofiq, koreys tili imtihonida qatnashishingiz, undan muvaffaqiyatli o‘tgan taqdiringizda Koreyada ishlash huquqini qo‘lga kiritasiz. Lekin shuni unutmangki, imtihondan o‘tganingiz Koreyaga ketishingizni kafolatlamaydi.

Koreyaga ishlash uchun ketishning qonuniy yo‘llaridan biri, bu Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi tomonidan o‘tkaziladigan koreys tili imtihonida qatnashish va undan muvaffaqiyatli o‘tish hisoblanadi. Eng avvalo koreys tilidan test sinovida qatnashish istagini bildirgan fuqarolar nomzod sifatida Tashqi mexnat migratsiyasi masalalari agentligi tomonidan ro‘yxatga olinishi kerak (xalq tilida bu jeton olish deyiladi). Jeton berilishi to‘g‘risida respublikaning markaziy gazetalari va viloyatlardagi mahalliy gazetalarda e’lonlar chop etiladi. Bundan tashqari, agentlikning www.migration.uz veb sayti orqali ma’lumot beriladi. Eslatib o‘tamiz, oxirgi marta 2015-yilning 17-18-noyabr kunlari kunlari jeton uchun 24 AQSH dollari miqdoridagi to‘lovni amalga oshirib, 25-26 noyabr kunlari to‘lovni to‘g‘ri amalga oshirgan fuqarolar ro‘yxati migration.uz saytida e’lon qilindi. Ana o‘sha jeton olganlarning eng oxirgilari shu yilning 15-16 oktyabr kunlari imtihon topshirib bo‘ldi. Navbatdagi jeton va imtihonlar haqida esa hozircha ma’lumot yo‘q.

Kuzatuvlardan ma’lum bo‘lmoqdaki, Koreyaga ishga ketishni xohlaganlar uchun koreys tili imtihoni yildan-yilga murakkablashib, o‘tish ballari ham ortib bormoqda. Deylik, 2010 yillardagi imtihonlarda o‘tish bali 80 ballni tashkil etgan bo‘lsa, so‘nggi imtihonda 172 ball to‘play olgan nomzodlargina imtihondan o‘tdi. Qolaversa, 180 va undan yuqori ball to‘plaganlar uchun qaytadan malaka imtihoni olindi.

Xo‘sh, koreys tilidan imtihon qanday tartibda o‘tadi? Unda qanday savollar tushadi? Imtihonga qanday tayyorgarlik ko‘rish kerak? Imtihon ikki qismdan iborat bo‘lib, har birida 25 tadan test savoliga javob berish talab qilinadi: 25 tasi eshitish, 25 tasi o‘qish. Har bir savol uchun 4 ball beriladi, eng yuqori ball 200 ni tashkil qiladi. Oxirgi imtihondan xulosa chiqarsak, nomzodlar har bir qismda ko‘pi bilan 22 tadan savolga to‘g‘ri javob berishlari kerak.

Imtihondan muvaffaqiyatli o‘tganlar koreys ish beruvchisi tomonidan aynan tanlab olinib, ularga mehnat shartnomasi yuboriladi. Koreys ish beruvchilariga O‘zbekistondan nomzodlarni tanlab olish talabini Tashqi mexnat migratsiyasi masalalari agentligi xam Koreya Inson resurslarini rivojlantirish xizmati ham qo‘ya olmaydi.

Koreys tilidan o‘tkazilgan test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan fuqarolarning ma’lumotlari agentlik tomonidan Koreya Inson resurslarini rivojlantirish xizmatining ma’lumotlar bazasiga taqdim etiladi. Ushbu ma’lumot 2 yil davomida saqlanadi. Ya’ni, imtihondan o‘tganlarning ma’lumotlari 2 yil davomida koreys ish beruvchilari uchun mo‘ljallangan ma’lumotlar bazasida saqlanadi. Nomzod Koreya ish beruvchilari tomonidan tanlansa, mehnat shartnomasi va viza tasdiqnomasi yuboriladi.

Koreys tilidan imtihonga qanday tayyorgarlik ko‘rish, unda qanday savollar tushishi mumkinligi haqida navbatdagi maqolalarimizda ma’lumot taqdim etamiz.