Koreya Respublikasi Konstitutsion sudi 2016-yil 9-dekabr kuni parlament tomonidan hukumatdan vaqtincha chetlatilgan prezident Pan Kin He impichmenti to‘g‘risidagi ishni amaliy jihatdan ko‘rib chiqishga kirishdi. 22 dekabr kuni sud jarayoni boshlandi.

Dastlabki jarayon ko‘proq texnik xususiyatga ega bo‘lsa ham, barcha jarayonlar va yakuniy natijaga jiddiy ta’sir ko‘rsatadigan bir qator qarorlar qabul qilindi.

Parlament prezidentga nisbatan 13 ta ayblovni ilgari surgan bo‘lsa, Konstitutsion sud ularning sonini qisqartirish to‘g‘risida qaror chiqardi. Aniqrog‘i, ular besh bandga jamlandi: 1) “yubkadagi kulrang kardinal” Chxve Sun Shilning davlat boshqaruviga aralashuvi va prezident apparati xodimlarining boshqa ishlari; 2) prezident o‘z vakolatini suiiste’mol qilishi; 3) so‘z erkinligining cheklanishi; 4) fuqarolar hayotini muhofaza qilish bo‘yicha majburiyatlarning buzilishi; 5) korrupsiya va pora olish.

Ekspertlar fikricha, barcha ayblovlarning 5 ta punktga birlashtirilishi barcha jarayonlarni sezilarli darajada qisqartirib, Konstitutsion sudga o‘z qarorini kutilganidan ertaroq chiqarishga imkon beradi.

Bundan tashqari, Konstitutsion sud prezident va uning vakillariga 2014-yil 16-aprel kuni “Sevol” paromining halokatga uchragan vaqtida davlat rahbari kuniga yetti soat davomida aynan nima ishlarni amalga oshirgani, qayerda bo‘lgani to‘g‘risida batafsil hisob berish majburiyatini yukladi. Hozirga qadar prezident Pak Kin He va uning yordamchilari hozirga qadar o‘sha vaqtda Pak aynan qayerda bo‘lgani haqida batafsil ma’lumotlarni taqdim etgani yo‘q. Ayrimlar Pakni 300 nafardan ziyod kishining o‘limiga sabab bo‘lgan hodisa vaqtida barcha kuch va e’tiborni paromni qutqarishga emas, balki shaxsiy yumushlar bilan band bo‘lganlikda ayblab kelmoqda.

Parlament prezident Pak Kin He impichmentini e’lon qilganidan so‘ng u vaqtincha o‘z vazifasidan ozod qilinadi. Konstitutsion sud mazkur ayblovning qanchalar asosli ekani to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Agarda Konstitutsion sud sudyalarining uchdan ikki qismi deputatlar qarorini ma’qullasa, yangi prezident saylovi bo‘lib o‘tadi. Agarda sudyalarning uchdan ikki qismidan kamrog‘i impichment tarafdori bo‘lsa, u holda Pak Kin He prezidentlik faoliyatini davom ettiradi.

Bir vaqtning o‘zida parlamentda “yubkadagi kulrang kardinal” to‘g‘risidagi mojaro yuzasidan surishtiruv boshlangan. Deputatlar prezident Pakning salomatligiga mas’ul bo‘lgan shifokor hamda mamlakat rahbarining yordamchisi, huquqni muhofaza qilish organlarini nazorat qiluvchi U Byon Uga bir qator savollarni bergan.

Eslatib o‘tamiz, Janubiy Koreya prezidenti Pak Kin Hening bolalikdagi do‘sti 60 yoshli Chxe Sun Shil 2016-yil mamlakatda yirik siyosiy mojaro sababchisiga aylandi. Chxve Sun Shilning Janubiy Koreya siyosatida kulrang kardinal ekani to‘g‘risidagi gap-so‘zlar Pakning prezident sifatida saylangan vaqtlardanoq boshlangan edi. Biroq 2016-yilda u haqiqiy mojaroga aylandi. Prokuratura, OAV, parlament va jamiyat Chxve Sun Shilni korrupsiyada ayblamoqda. U uzoq yillik dugonasi — prezident Pa Kin He va milliy siyosatga ta’sir ko‘rsatgan, shuningdek, prezident dugonasiga maxfiy hujjatlarni ko‘rsatgan. Uning faoliyatiga oid ma’lumotlar matbuotda e’lon qilinganidan so‘ng Chxve Sun Shil hibsga olingan. Oktyabr oyida u omma uchun qisqa izohida o‘z faoliyati uchun kechirim so‘ragan, biroq aybini rasman tan olmagan.