Janubiy Koreya hukumati ishchi kuchi taqchilligiga barham berish maqsadida ma’lum toifadagi ishlab chiqarish sohalarida ishlash uchun ishchi viza berish tartibi osonlashtirilishini ma’lum qildi.

Janubiy Koreyada tahsil olayotgan xorijlik talabalar, agar mamlakatning asosiy sanoat sohalarida ishlashni hohlasa, talabalik vizasini ishchi vizaga o‘zgartirib olishiga ruxsat beriladi. Bu haqda Koreya Savdo-sanoat va energiya vazirligi ma’lum qildi.

Bugungi kunda aksariyat ishchilar asosan yengilroq va yuqori maosh to‘lanadigan ishlarga murojaat qilayotgani sababli og‘ir sanoat ishchi kuchi yetishmasligidan aziyat chekmoqda.

Mahalliy kollejlarda hukumatning kasb-hunar dasturi bo‘yicha tahsil olayotgan 120 nafar xorijlikka birinchi bo‘lib yangi viza tartibi joriy etiladi. Vazirlikning ma’lum qilishicha, Koreya kollejlarida tahsil olayotgan chet elliklar murojaatlari 13 yanvarga qadar qabul qilinib, yanvar oxirigacha viza berish tartibi yakunlanadi.