Farg‘ona viloyatida Janubiy Koreyada ish va’da qilib, odamlarning ishonchiga kirgan va ularning katta miqdordagi pullarini o‘zlashtirgan firibgarlar ushlandi, deb yozmoqda “Postda” nashri. Ismi oshkor etilmagan fuqaro soxta firma ochib, Koreyada ishlash istagidagi fuqarolarni chuv tushirish bilan shug‘ullangan. Firibgar hujjatlarni Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi tasdig‘idan o‘tkazish bahonasi bilan Koreyada ishlash istagidagi fuqarolardan 1000 dollardan 3000 dollargacha pul undirgan. Daromadlar haqida bankdan ma’lumotnoma olish uchun esa 100 yoki 200 AQSH dollari olgan. Shu tariqa ismi oshkor etilmagan shaxs soxta firma orqali 20 ga yaqin fuqaroga firib bergan. Qayd etilishicha, ushbu jinoiy guruhga bank xodimi ham ko‘mak bergan. Jinoiy ishga oid boshqa tafsilotlar ochiqlanmagan. Aytilishicha, aybdorlar qonunga muvofiq jazolangan.