Blogimda qoldirilayotgan izohlarning eng ko‘pi shu savoldan iborat: «Jeton qachon beriladi?». Migratsiya agentligi bu haqda aniq javob aytgani yo‘q. Koreya Respublikasining Bandlikka ruxsat berish tizimi elektron bazasida Qirg‘iziston, Laos, Pokiston, Nepal, Filipin, Mongoliya, Shri-Lanka, Bangladesh, Myanma (2017 yil 13 fevraldan 20 martgacha) kabi davlatlarda jeton berilishi haqida ma’lumot mavjud. Ammo bu ro‘yxatda O‘zbekiston nomi yo‘q. Vaholanki O‘zbekiston Janubiy Koreyaga ishchi resurslarni yuborish bo‘yicha yuqori pog‘onalarda turadi. Xo‘sh, nima uchun O‘zbekistonda Koreyaga ishlashga borish uchun jeton berilmayapti, qachon jeton berilishi mumkin? Bu bo‘yicha bir necha taxminlarimni ilgari sursam. E’tibor bergan bo‘lsangiz, Koreya Respublikasining SPAS dasturi bo‘yicha tizimi elektron bazasida O‘zbekiston haqida ma’lumot berilsa korrupsiya, poraxo‘rlik so‘zlari ko‘p qo‘llanilgan. Ha, O‘zbekistonda migratsiya agentligi Koreyaga ishlashga ketishni korrupsiyaga to‘ldirib tashlagan edi. Shu sababli koreyslar imtihon olishning barcha jarayonlarini shaffoflashtirish, o‘z nazoratlari ostiga olishga harakat qildi. Oxirgi marta jeton berilganda ko‘pchilik buning guvohi bo‘ldi.

Ikkinchi taxmin ham poraxo‘rlik bilan bog‘liq. Xalqimiz Koreyaga borib ko‘proq pul topish ilinjida pora berib, turli yo‘llar bilan Koreyaga ketishga harakat qilmoqda. Jetonning o‘zi 800-1000 dollarga chiqib ketgandi. Asosiy oddiy shart, ya’ni koreys tilini o‘rganish esa eng oxirgi o‘ringa tashlab qo‘yildi. Natijada Koreyaga koreys tilining «k» harfini ham bilmaydigan juda ko‘p sonli o‘zbekistonliklar ketdi. Ularning ayrimlari aeroportdan qaytarib yuborilgan bo‘lsa, ayrimlari korxonalarda hammaning toqatini toq qildi, koreyslarning noroziliklariga sabab bo‘ldi va bu jarayon hamon davom etmoqda.

Uchinchidan, SPAS dasturi bo‘yicha Koreyaga borganlarning ko‘pchiligi noqonuniy yo‘llar bilan shartnoma muddati tugagandan keyin ham Koreyada qolib ishlashda davom etmoqda, hattoki ular ro‘yxati agentlikning migration.uz saytida ham bir necha qismga bo‘lingan holda berilgan. Toki ular O‘zbekistonga qaytmas ekan, yangi jetonlar tarqatilishi ehtimoli pasayib ketaveradi (Xudo ularga insof bersin).

To‘rtinchidan, ayrim o‘zbekistonliklar turli yo‘llar bilan Koreyaga borib, nelegal qochib ketmoqda. Bu jihat ham mehnat migratsiyasi sohasida ikki davlat o‘rtasidagi kelishuvlarning to‘laqonli amalga oshishiga to‘sqinlik qiladi.

Beshinchi taxmin Koreya Respublikasidagi siyosiy vaziyat bilan bog‘liq. Ko‘pchilikning xabari bor, ayni paytda Koreya prezidenti Pak Kin He impichmenti Konstitutsion sud qarori bilan tasdiqlandi. Endi mamlakat aholisi 9 mayga qadar bo‘ladigan prezidentlik sayloviga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ehtimol shu sababli jeton muddati ortga surilayotgandir.

Xo‘sh, qachon Koreyaga jeton beriladi? Taxminimcha, bu yil kuz oylarida jeton berilsa kerak.

Sanjar Said