22 iyun kuni Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi delegatsiyasi Inchondagi Xorijiy ishchilarga ko‘maklashish markazi (Incheon Support Center for Foreign Workers) va Koreya inson resurslarini rivojlantirish xizmatining Jangbudagi Bosh mintaqaviy boshqarmasida (Human Resources Development service of Korea, Jangbu regional Headquarters) uchrashuvlar o‘tkazdi, deb xabar qildi agentlik matbuot xizmati.

Inchondagi Xorijiy ishchilarga ko‘maklashish markazi Koreya hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun kelgan mehnat migrantlarini moslashtirish va ularni o‘qitish bilan shug‘ullanadi. Koreya inson resurslarini rivojlantirish xizmati esa tonggi musaffolik yurtida ish beruvchilar bilan hamkorlikda mehnat resurslarini rivojlantirish va boshqarishda asosiy vazifani bajaradi.

Koreys tomoni bilan uchrashuv vaqtida o‘zbekistonlik ishchilarning mehnatsevarligi, ochiqko‘ngilliligi, professionalizmi qayd etib o‘tildi.

Biroq, shu bilan bir qatorda, Agentlik rahbariyatining o‘zbekistonlik migrantlar bilan bog‘liq muammolar haqidagi savollari bo‘yicha, afsuski, so‘nggi vaqtlarda Koreyaga ishlash uchun ilk bora kelgan o‘zbekistonlik migrantlarda koreys tilini bilish yuzasidan jiddiy muammolar mavjudligi ta’kidlandi. Shu bilan birga, ularning ish joyini tez-tez almashtirib, oxir-oqibat noqonuniy ishlashga chiqib ketishayotgani odatiy holatga aylanib borayotgani ham aytib o‘tildi. Koreys tilini yetarli darajada bilmagan holda mamlakatga kirishga urinayotgan mehnat migrantlari sababli kelgusida boshqa o‘zbekistonliklarning Koreyada ishlashi, ular uchun ish o‘rinlari ajratilishida jiddiy muammolar paydo bo‘lmoqda.

Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi rahbariyati koreys tomonini Koreyada ishlashni xohlovchi fuqarolarni saralash, imtihon qilish, o‘qitish va moslashtirish tizimini butunlay o‘zgartirishga ishontirdi. Ular bosqichma-bosqich, muntazam ravishda koreys tomoni talab qilgan darajada imtihon qilinib, shundan keyingina Koreyadan kelgan mutaxassislarga test topshirishini ta’kidlashdi. Mamlakatda bir qator kasb-hunarga o‘rgatish markazlari ish boshlagani, keyingi yillarda O‘zbekistonning barcha viloyatlarida ana shunday markazlar ochilishi ma’lum qilindi.

Arirang.uz izohi: xabar matnidan ko‘rinib turibdiki, Koreyada ishlashni xohlovchi o‘zbekistonliklar uchun navbatdagi imtihonlar bir necha bosqichda o‘tkaziladi. Birinchi bo‘lib Agentlik tomonidan koreys tilini biladiganlar saralab olinib, dastlabki imtihondan o‘tkaziladi va undan keyingina Koreya mutaxassislari o‘tkazadigan imtihonga kiritiladi. Bu esa Koreyada ishlashni xohlaganlar koreys tilini o‘rganishga jiddiy kirishish kerakligini anglatadi.