Koreya Respublikasi Adliya vazirligining 21-iyunda e’lon qilingan hisobotiga ko‘ra, o‘zbekistonliklar Janubiy Koreyadagi muhojirlar soni bo‘yicha beshinchi o‘rinni egalladi.

Janubiy Koreyada eng yirik chet elliklar jamoalari o‘rtasida birinchi o‘rinni Xitoy fuqarolari egallamoqda. Mamlakatda ularning soni 1 mln dan ortiq, yoki Koreyada yashayotgan va ishlayotgan barcha xorijliklar umumiy sonining 50 foizini tashkil etadi.

Ikkinchi o‘rinni yuqori ko‘rsatkich bilan V’yetnam (150 ming yoki chet elliklar umumiy sonining 7,3 foizi) zabt etdi. Keyingi o‘rinlarda AQSh (140 ming yoki 6,8%) va Tailand (100 ming yoki 5% ga yaqin) turibdi.

Beshinchi o‘rinni O‘zbekiston va Filippin egalladi (bu ikkala davlatning har biri 55 ming nafar, umumiy migrantlar sonining 3% ini tashkil qiluvchi o‘z aholisi bilan mazkur o‘rinda turmoqda).

Rasmiy statistikaga kiritilmagan, noqonuniy mehnat migrantlar sonining ko‘pligi haqidagi xabarlarni inobatga olinsa, Koreya hukumati hisobotlarida o‘zbekistonlik migrantlar soni birmuncha kam ko‘rsatilganini tasavvur qilish qiyin emas.

Aytish mumkinki, bu ko‘rsatkich tobora ortib boradi. Xususan, so‘nggi uch oy ichida Toshkent va Seul o‘rtasida Koreya Respublikasida mehnat qilishni istagan o‘zbekistonliklar uchun viza olish jarayonini yengillatish va keyinchalik kvotalar sonini oshirish borasida ikki raundli muzokaralar o‘tkazildi. Ilgari bu masalalarda qo‘shni tomon bir necha bor yon bosgan edi.

Koreyaga borishni istaganlar juda ko‘p. Xususan, Janubiy Koreyaga mehnat qilmoqchi bo‘lganlar uchun tashkil etilgan apreldagi oxirgi testlarga 87,7 ming o‘zbekistonlik ro‘yxatdan o‘tdi.

Janubiy Koreyaga ketishni istagan o‘zbek mehnat migrantlari sonining oshishiga mazkur davlat tomonidan ko‘pdan-ko‘p sonli migrantlarni jalb etish umumiy tendensiyasi sabab bo‘lishi mumkin. Xususan, 2016-yilda Koreyadagi xorijliklar soni 2,04 mlnni, yoki davlat aholisi umumiy sonining 4% ini tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2015-yilda 1,9 mln, 10 yil avval esa bor-yo‘g‘i 910 ming nafarni tashkil etdi, deb qayd etildi Koreya Adliya vazirligi hisobotida.