Koreya Respublikasi poytaxti Seul shahri meri Pak Von Sun poytaxtimizga tashrif buyurdi. Ushbu tashrifning yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, Pak Von Sun Toshkentga tashrif buyurgan ilk Seul meri bo‘ldi. Seul meri O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashib, ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha fikr almashdi. Jumladan, uchrashuvda Pak Von Sun Shavkat Mirziyoyevga Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning ushbu mamlakatga joriy yil davomida davlat tashrifi bilan borish taklifini shaxsan topshirdi.

Uchrashuvda Janubiy Koreyaning ilg‘or tajribalari asosida O‘zbekistonda shaharlarni boshqarish, transport tizimi va uy-joy kommunal xo‘jaligini rivojlantirish tizimini yaratish masalasi ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida shaharsozlik, arxitektura va landshaft dizayni sohalarida o‘zaro faol hamkorlik qilish muhimligi aytib o‘tildi.

Pak Von Sun boshchiligidagi Koreya delegatsiyasi O‘zbekistonning turli tashkilotlarida ham uchrashuvlar o‘tkazdi.

Toshkent shahar hokimi Rahmonbek Usmonov bilan uchrashuvda Toshkent va Seul o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish masalalari haqida so‘z yuritildi.

Seul meri Toshkentni 2030 yilgacha rivojlantirish bo‘yicha rejalarni amalga oshirishda Janubiy Koreyaning shaharsozlik, transport, axborot texnologiyalari, servis va boshqa sohalardagi tajribasi, nou-xaulari bilan qatnashish niyati borligini bildirdi.

Kelgusida Toshkent va Seul shahri biznes vakillarining o‘zaro tashriflari o‘tkazilib, kichik biznes sohasiga investitsiyalar jalb etish, tadbirkorlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarini yo‘lga qo‘yish kutilmoqda.

Shuningdek, Toshkentdagi Seul bog‘ida O‘zbekistonda koreys millati vakillari istiqomat qilayotganining 80 yilligi munosabati bilan yodgorlik monumenti ochildi. Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, koreyslarni Uzoq Sharqdan Markaziy Osiyoga ko‘chirish ishlari 1937 yilda boshlangan edi. O‘zbekiston va Qozog‘iston hududiga jami 172 ming nafarga yaqin koreyslar deportatsiya qilingan. Bugungi kunda faqatgina O‘zbekistonda 182 mingga yaqin koreys diasporasi vakili istiqomat qilmoqda.

Xalqaro hamkorlik markazida shahar jamoat transportini rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston – Janubiy Koreya konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda ikki mamlakatning transport va transport kommunikatsiyalari, shahar infratuzilmasi, axborot texnologiyalari kabi sohalarga oid vazirlik va idoralari, firma va kompaniyalari vakillari ishtirok etdi. Unda O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda izchil rivojlanib borayotgani alohida ta’kidlandi. Mazkur forum mamlakatlar o‘rtasida shahar infratuzilmasi, transport va AKT sohalaridagi aloqalarni yanada faollashtirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Toshkent shahar hokimligi bilan Seul shahar meriyasi o‘rtasida o‘zaro aloqalarni mustahkamlash to‘g‘risida bayonnoma, Toshkent va Seul shaharlari o‘rtasida AKT sohasida hamkorlik to‘g‘risida Anglashuv memorandumi imzolandi.