2017 yil 12 iyun kuni Janubiy Koreya fuqarosi P.N.Sh O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Virtual qabulxonasiga buzilgan huquqlarini tiklashni so‘rab murojaat qilgan. Bu haqda Facebook’dagi “Xalq bilan muloqot” guruhida e’lon qilindi. Ushbu murojaatda shikoyat egasi quyidagilarni ma’lum qiladi (tarjimon tayyorlagan matnning uslubiy va orfografik xususiyatlari saqlab qolingan):

“Xurmatli Shavkat Miromonovich Mirziyoyev Men Janubiy Koreya fuqarosi P.N.Sh. O‘zbekistonga kelganimga ikki yil bo‘ldi. Men Janubiy Koreyadan O‘zbekistonga yangi zamonaviy texnologiyalar olib keldim. Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida 2015 yil 6 iyunda ro‘yxatdan o‘tib MCHJ shaklidagi “ANSP” qo‘shma korxonasi tashkil etildi. Ta’sischilari – men va O‘zbekiston fuqarosi R.A. bo‘ldik. Yangi tuzilgan korxonada import o‘rnini bosuvchi yozuv ruchkalari ishlab chiqardi. Korxona raxbari etib R. A. tayinlandi.

Men korxonaga 250,0 ming AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiya olib kirdim. R.A. esa bir yil davomida o‘z ulushini qo‘shmadi va ustav fondini shakllantirmadi va o‘zi bilganicha korxona ishlarini olib bordi. Ishlash davomida tushunmovchiliklar ko‘p bo‘lgani sababli qo‘shma korxona bekor qilindi.

2016 yilning 14 dekabrdan boshlab Farg‘ona shahar Adliya boshkarmasi ro‘yxatdan o‘tib “NSP”xorijiy korxonasini tashkil etdim. Xozirgi kunda korxona tomonidan yozuv ruchkalari ishlab chiqarilmoqda va o‘nlab ta yangi ish o‘rinlari tashkil etildi. Korxona tomonidan mahsulotlarimiz ichki bozorni egallab kelmoqda hamda ishlab chiqargan mahsulotlarimizni tashqi bozorga sotish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.

Sobiq “ANSP” qo‘shma korxonasi raxbari R. A. korxona ishlari oldi-sotti shartnomalar hamda korxonaga oid barcha xujjat ishlarini bilganicha olib borgan. Menga ko‘rsatmagan. Natijada korxona soliqdan, ijaradan, oylik ish xaqidan hamda bojxonadan katta qarzdorligi yuzaga kelgan. Men – P.N.Sh. ushbu qarzlarni to‘lab berishni uz bo‘ynimga oldim. Sobiq “ANSP”qo‘shma korxonasini INN raqami xozirgi “NSP” xorijiy korxonasida qolgan. Bugungi kunga kelib R.A. tomonidan tuzilgan shartnomalar bo‘yicha “NSP” xorijiy korxonasining xisob raqamiga inkassa qo‘yildi. Meni ish olib borishimga R.A. juda katta muammo va qiyinchiliklar tug‘dirmoqda. Shu muammolarni yechilishida amaliy yordam berishingizni iltimos qilaman”.

Mazkur holat O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Virtual qabulxonasi tomonidan nazoratga olinib, huquq-tartibot organlariga tegishli ko‘rsatmalar berilgan.

Olib borilgan tergov natijasida A.R. dan 142,5 mln so‘m haqdorlik P.N.Sh. hisobiga undirilgan.