Toshkent shahridagi Inha universiteti (IUT)ning uch nafar bitiruvchisi Janubiy Koreyadagi Inha universitetining magistraturasida ta’lim olish imkoniyatini qo‘lga kiritishadi. Bu haqda universitet matbuot xizmati xabar qildi.

Toshkent shahridagi Inha universiteti Rektori Sarvar Babaxodjayev Janubiy Koreyadagi Inha universiteti rahbariyati bilan muzokaralari davomida IUT bitiruvchilari uchun Koreya Respublikasidagi Inha universitetida ta’lim olish imkoniyatini yaratish to‘g‘risida kelishib oldi.

Kelishuvga muvofiq, 2019-2020-akademik yildan boshlab, IUT’ni bakalavriat dasturi bo‘yicha tamomlagan uch nafar talabalar Janubiy Koreyadagi Inha universitetining magistraturasida ta’lim olish imkoniyatini qo‘lga kiritishadi.

Janubiy Koreyadagi magistraturada ta’lim olish uchun talabalarga Toshkent shahridagi Inha universiteti ma’muriyati tavsiyanoma beradi. Talabalar magistrlik darajasini olib qaytishgach, IUT’ga ishga qabul qilinadi.

Hozirda “Kompyuter va dasturiy injiniring” fakultetining 4-bosqich 99 nafar talabasi Janubiy Koreyadagi Inha universitetida tahsil olishmoqda. Ular Janubiy Koreyada ikki semestr davomida – 2017-yilning dekabr oyiga qadar ta’lim olishadi.